Ko‘pchiligimiz aslida qanday kitob o‘qishni bilmaymiz. Oldin men ham har qanday kitobni o‘qib ketaverardim. Juda ko‘p kitob o‘qigan, ammo hayotda anashu kitoblarining foydasini ko‘rmagan insonlarni ham uchratganmiz. Aslida kitoblarni bir nechta turlarga bo‘lib saralab o‘qish kerak ekan. Hozir sizlar bilan o‘z tajribamni o‘rtoqlashaman.
Birinchi o‘rinda kishi qaysi sohaning odami bo‘lsa anashu sohaga oid ilmiy kitoblarni o‘qishi kerak. Masalan, men jurnalistikada tahsil olaman. Mutaxassisligim bo‘yicha jurnalistikaga va politologiyaga oid kitoblarni o‘qishni kanda qilmayman. Bu o‘z navbatida menga sohamni yaxshi tushunishga yordam beradi.
Ikkinchi tudagi kitoblar, insonning shaxsiy rivojlanishi uchun xizmat qiladigan kitoblar bo‘lishi kerak. Bunga misol qilib, hozirda o‘qiyotgan kitoblarimni aytishim mumkin. «Omma psixologiyasi», «Stiv Jobs», «Yangi va eng yangi davr Yevropa faylasuflari» va h.k
Uchinchi turdagi kitoblarga kishiga ruhiy madad bo‘ladigan badiiy, she’riy, publisistik asarlar kiradi. Badiiy asarlarni hamma o‘zining ruhiy holatidan kelib chiqib tanlaydi. Masalan men oxirgi marta Nodar Dumbadzeni o‘qigan edim. Endi «Martin Iden»ni o‘qimoqchiman.
To‘rtinchi turga kiradigan kitoblar zamona ilmi va kashfiyotlarini, turli olimlarning dunyo qarashlarini ifodalovchi asarlardir. Bularga sof ilmiy, ilmiy, ilmiy-fantastik, ilmiy-futurologik kitoblar misol bo‘ladi. Har kim tabiga ko‘ra fizika, kimyo, ontogenez jarayoni, IT, Dizayn, Suniy idrok, Mashinaviy o‘rganish haqidagi kitoblarni o‘qishi mumkin.
Beshinchi turdagi adabiyotlar bular diniy adabiyotlar. Din ishi har kimning shaxsiy ishi bo‘lgani uchun har kim bu turdagi adabiyotlarni o‘zidan kelib chiqib tanlaydi va bu turdagi adabiyotlarni nechanchi o‘ringa qo‘yishini ham o‘zi mustaqil belgilaydi.