Qisqacha tavsif
Shunday kitoblar borki, ularni o‘qish urfga aylanadi. Shunday kitoblar borki, ularni o‘qish shart bo‘ladi. Yana shunday kitoblar borki, ularni o‘qimaslik yo‘qotish hisoblanadi.
Ushbu «Hayotning 48 qoidasi» – aynan o‘qish urfga aylangan, zarurat bo‘lgan, muvaffaqiyat sari olib boradigan kitob. Chunki u atrof olamga o‘tkir idrok bilan qarashga, o‘zingiz va boshqalarning zaifliklarni qudratga aylantira olishga, do‘stlarni qadrlab, raqiblardan foydalana bilishga, firib- nayranglarni yaxshilik yo‘lida xizmat qildira olishga o‘rgatadi.
Insoniyat tarixi – urushlar tarixi, degan mashhur ta’rifni hamma biladi. Gap insoniyat tarixi haqida borganda, masalaning naqadar keng qamrovli va zalvori ham shunga monand bo‘lishi rost. Ne ajabki, insoniyat tarixi – nayrangu firiblarning ham o‘ziga xos tarixini o‘zida mujassam qiladi, bu borada ham insoniyat tarixi bilan baravar tarzda taraqqiyotni namoyon qilgan qamrov va ko‘lam shuni taqozo etadi.
Dunyo dunyo bo‘libdiki, shunday – yashash uchun kurash, mavqe uchun zimdan yoki ochiqdan-ochiq ko‘riluvchi sa’y-harakatlar ma’lum ijtimoiy qatlam yoki oddiygina munosabatlar zamirida aks etadi, mujassam bo‘ladi. Qo‘lingizdagi kitob – shu haqda. Hukmronlik bunda ham o‘z ma’nosida, ham undan-da keng miqyosdagi mohiyat sifatida nazarda tutiladi. Bunga mazkur kitob sahifalari bilan tanishishingiz asnosida amin bo‘la borasiz.