Shukrona aytamiz, yurak manguga –
Talpinmay tin olgay, deb axir bir kun!..
Shukrona aytamiz, yurak manguga –
Talpinmay tin olgay, deb axir bir kun!..
Sovuq tunni yanada salqinlashtirgan, uyqu eltgan ko‘zlarimga igna qadagan va shu orqali o‘ziga mahliyo etgan asarni bu kech o‘qib tugatishga majbur bo‘ldim. Oxiriga yetmasam, ikki dunyo saodatidan quruq qoluvchi, o‘zi o‘lganini bilmaydigan odam ruhi bo‘lgan arvohga aylanishim muqarrarligi seskantirdi.
Martin Iden – 3 hayotini 3 yilda yashagan Spenserning asiri, realist, individualist arvoh.
Asar ilk boshlangan qatorlaridan soflik nafasi, yoshlik beg‘uborligi, muhabbatning ilk alangasi bilan biz mahluqlarni o‘ziga rom etishni sirli usullarini qo‘llaydi. Yoshligidan umr deya atalmish ajdarning olovlarida pishib yetilgan, atrof-muhitning jirkanch ishlari, uni ham jirkanchlashib ketishiga sabab bo‘la olmagan, yolg‘iz bo‘lsada hali faraxbaxsh kunlardan umidi katta bo‘lgan navqiron yigit Martin – asar bosh qahramoni.
Martin va Ruf. Yigitlar ham shunday seva oladimi deb savol berganda, ha deb javob berishga va Martinni misol qilib ko‘rsatishga har bir amerikalikning bugun haqqi bor.
“Kuyikish davrida kiyiklarni, nainki kiyiklarni, balki butun boshli hayvonotni bir-birini o‘ldirishga va borliq jonivorlarni bir-biri bilan qovushishga undovchi qudratli kuch muhabbatdir” – ushbu satrlar ila bu ikki yoshning, bir-biriga tikilganda uyg‘ongan hirslariga poklik gulchambarini taqmoqchi bo‘lgan jumla, odamni chindan ham o‘ylanishga, nafaqat sentimental axloq egasi balki realist bo‘lishga ham undaydi. Asarda soddadil matros yigit obrazidan boshlanib, ilm-urfon cho‘qqisiga chiqqan ammo na muhabbatdan, na odamlardan na o‘zidan vafo ko‘ra olmagan shaxsning achchiq va ibratli hayoti gavdalanadi. Martin o‘zi qutqargan aslzoda yigitning singlisi Rufni sevib qoladi. Rufdagi ilm, odamlarni o‘zidanda ko‘proq hurmat qilish, yigit shu paytgacha ko‘rgan bir qarashda o‘z inon-ixtiyorini topshirib qo‘yadigan boshqa qizlardan katta farq qilish, sa’nat, adabiyot, ijodni tushunish va muloqot qobiliyatining yetukligi yigit siynasidagi yurakning allanechuk jon chiqqulik holatda tipirlashiga sabab bo‘ladi. “g‘uncha quyosh shu’lasiga talpinib ochilganidek, Martin ham Ruf chaladigan royal sadolaridan ochilib ketardi.” Muhabbatga erishish istagi Martinni, bu jamiyatda Rufga munosib bo‘lishning yagona yo‘li ilm o‘rganish, shon-shuhratga yetishish deb ishontiradi.
Muhabbat yigitni kutubxonalarga qatnashga, ijarada amallab tursa ham jurnallar o‘qishga majbur etadi. Martin ishchilar qatlamidan chiqqan. Onasi 11 yoshida o‘lganidan keyin shafqatsiz ko‘chalarda unib o‘sgan nihol edi. U musht yeb og‘zidan qon oqqanda ham qochmasdan oxirigacha jang qilishni aynan 11 yoshidan o‘rgandi. Ko‘cha bezorilari orasidagi janglar, tirik qolish uchun gazeta sotishlar, yashash joyidagi qo‘lansa xidlar, kambag‘allikning bosgan muhri bu yigitni asrab-avaylab katta qilgan edi. Turli dengiz kemalariga matros bo‘lib yollanib dunyoning turli burchaklarini yosh bo‘lishiga qaramay kezib chiqishga ulgurgan Martin, bu hayotdan juda yuqoridagi nafosat va nazokatning namunasi bo‘lgan qizni, Rufni o‘lgudek sevadi. o‘zi katta bo‘lgan botqoqlikdan chiqish, Ruf kabi insonalar darajasiga ko‘tarilish, unga munosib bo‘lish haqidagi orzulari har kuni uni yangidan tug‘ilib, yangidan o‘lishini taqozo qiladi.
Kitoblarga xuddi go‘shtga och bo‘ri tashlangandek tashlangan yigit barcha hayvoniy ehtiyojlarini minimal darajada qisqartiradi, kam ovqat yeb kam uxlaydi. Oxirgi sentigacha faqat o‘qishga sarflagan bu individni maqsadi tomon bor kuchi bilan harakat qilishga undagan kuch – bu muhabbat.
Shunchalar ko‘p o‘qiydiki, Spenser, Nitsshe, Kant, Darvin, Suinborn va yana yuzlab olimlarning asarlarini, bilogiya, matematika, fizika, kimyo, adabiyot, falsafaga doir minglab risolalarni juda tez fursatda o‘zlashtiradi. Ha ha bu kitoblar unga odam bolasining Yaratgan bilan o‘rtada turuvchi chegara darvozalarini lang etib ochib yuborgandi. Martin oh bechora Martin, boshlari g‘ovlab ketgan, oddiygina uchib ketayotgan qushga ham nazar solib endi uning uchish trayektoriyasi, qon bosimi, qanot qoqish mexanikasi, qush miyasidagi tirik qolish instikti haqida o‘ylaydigan yigitga aylanadi. Uning ichida shunday bir kuch bor ediki, u olamni shunday ko‘rar va tasavvur etardiki hammaga o‘zi ko‘rgan narsani tasvirlab berishni, o‘zi his qilgan tuyg‘ular har bir odam tanasiga titroq kiritishini ich-ichidan istardi. Martin Rufni sevardi ammo unga bir marotaba ham bu haqida aytmagan yigit, qizga iffat chamani, nafosat mevasi, komillik mabudasi sifatida nazar solardi. Bir marta hattoki, ongida qiz dudoqlarini qo‘llari bilan ohista siypalaganini tasavvur etgani uchun o‘zini hayvonga, mahluqqa tenglashtiradi, ha u Rufni shunday ma’sum va pok sevib qolgan edi.
Qizda ham Martinga nisbatan qandaydir tuyg‘ular bo‘lar edi-yu, ammo qiz buni muhabbat deb o‘ylamas, shunchaki botqoqdagi odamga rahmi kelayotgandek his qilardi o‘zini. Ha Martin va Ruf turfa dunyo kishilari edi, Ruf Vagner taronalarini tinglab, jamiyatdagi odob-axloq prinsplari haqida ma’ruzalar eshitayotganda, Martin shafqatsiz hayotda tirik qolish uchun ochdan o‘lmaslik uchun eng eski va kir kiyimlarni kiyib, odamni me’dasiga tegib ketadigan bo‘tqalarni yeb katta bo‘ldi. Lekin Martinni bir xislati uni o‘zi kabi bo‘lgan odamlardan juda ham ajratib turardi. U hamma narsani anglashga, bilishga intilardi, o‘zi oliyjanoblik ko‘rmagan yigit oliyjanobliknining oliy darajasini o‘zida namoyon etardi. U yoshlik nafasi ufurib turgan, kelishgan, tomirlarida chinakam erkakning qaynoq daryolari oqib turganiga qaramasdan o‘zini sira Rufga teng ko‘rmas edi. Xuddi o‘zbek yoshlaridek, unda ham aynaniy qilgan ishlariga boshqalar nima der ekan, xato gapirsam boshqalar qanday hayolga borar ekan, o‘zimni kimning davrasida bo‘lsam o‘shalarga o‘xshab tutishim kerak degan qoliplarga egalik qilardi. Ammo kundan-kunga ilm cho‘qqisini, qonagan qo‘l va tanasi bilan zabt etib borayotgan Martinning oldida dunyo, haqiqat, odamlar o‘z basharasini chinakamiga namoyon qilib borar va asar qahramoni bundan qattiq iztirob chekardi.
Shuncha narsani o‘rganganiga, o‘zgarganiga qaramay Ruf hali ham Martinga ko‘p narsani bilmaydigan odamdek rahm va mehr bilan boqardi, bu rahm bu mehr achinish tuyg‘usi bo‘lib, yigitlik g‘ururi osmonlarga tenglashadigan Martindek yigitni tilka-pora qilishini qiz seza olmasdi. Shunda Martinning hayolidan bir fikr o‘tadi:
”Aqli cheklangan odamlar faqat o‘zgalardagi mahdudliknigina ko‘ra oladi”
Bu gaplarini sira ham sirtiga chiqarmagan yigit, qizni sof va poklikda sevishda davom etadi. Qizga o‘z fikrlari va o‘ylarini taqdim etish asnosida, unga tobora bog‘lanib qolayotgan yigit, qizni ham o‘ziga bog‘lab qo‘yayotganligini bilardi. Qizning esa bundan xabari yo‘q barcha yordamni insoniylik nuqtayi-nazaridan qilyapman deb o‘ylaydi. Ayollik baribir ayollikda, unda ham his, unda ham sevish, sevilish istagi bor. Yigitga nazar solganda undagi o‘ziga yarashib turadigan va tobora jilovlanib borayotgan yovvoyilik, erkaklarga xos kuch-quvvat va mushaklar qizni g‘alati hislar tomonga yo‘naltirib boradi.
Shunday kunlarda asar qahramoni kim bo‘lishi kerakligini tushunib yetadi: “Men jahonning ko‘zi, qulog‘i va qalbi bo‘laman (yozuvchi)” Martin o‘zini-o‘zi yangi tomondan inkishof etadi.